Bola va internet

Bugun aksariyat ota-onalar farzandi «virtual olam»da nimalar bilan band ekanidan mutlaqo bexabar. Gohida «o’g’lim (yoki qizim) ancha ulg’ayib qoldi, endi biror mashg’ulot bilan band bo’lsin, ishimizga xalaqit bermasin», deya bolasini global tarmoq bilan yolg’iz qoldirib, o’zlari «rag’batlantirmoqda». Bunday holatlar bora-bora bolada ota-onaning gapiga quloq solmaslik, qaysarlik, dangasalik, yolg’onchilik va mensimaslik illatini avj oldiradi.

 

Mutaxassislar jahon «o’rgimchak to’ri»da bolalar duch keladigan va ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir etuvchi juda ko’p tahdidlar borligini ta’kidlashadi. Ulardan eng xavflisi mazmunan zo’ravonlik, hayosizlik, yovuzlik, axloqsizlik, giyohvand moddalar, diskriminatsiya, neofashizm kabi g’ayriinsoniy, tarbiyasizlikni targ’ib qiluvchi sayt va materiallar bo’lib, afsuski, ularga kirish ham oson. Ulardagi axborotlar bola ongini zaharlashi aniq. Shuningdek, notanish kishilar bilan elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar va turli shubhali forumlar vositasida muloqot qilish, xat-xabar yozishish ham xavfli sanaladi.

 

— Ota-onalar ijtimoiy tarmoqda «kutilmagan» tanishuvlardan ehtiyot bo’lishi, beozor ko’ringan kimsalar, aslida, «yovuz kuchlar» ekanini bolasiga albatta tushuntirishi kerak, — deydi psixolog Ulyana Ivanova. — O’smirlik davrida bolalar juda ta’sirchan, jahldor, tez xafa bo’lib qoladigan odat chiqaradi. Bunday paytda ular o’z hissiyotini jilovlay olmaydi. Do’stlari, yaqinlari bilan mavjud muammolari xususida suhbatlashib, taskin topishni istaydi. Shunday pallada ko’pincha ijtimoiy tarmoqlardagi «beminnat» muloqotlar qiziydi.

 

Odatda, internetdan foydalanayotganda duch keladigan eng ko’p holatlardan biri bu — internetdan ko’chirib olinadigan yoki onlayn o’yinlar bo’lib, bolalar qimmatli vaqti besamar o’tayotganini his qilmaydi. Shuningdek, bu vaziyatda har bir xarid va ro’yxatdan o’tish chog’ida ular o’zi haqidagi ma’lumotlarni noma’lum kimsalarga «qo’shqo’llab» topshirayotganini sezmaydi.

 

Chatda yozishayotgan tanishlarimizning yomon niyati bo’lmasligi mumkin. Ammo tanishlarimizning tanishlari haqida nima bilamiz? O’smir hazil-huzul bilan yoki notanish «do’st» profilidagi go’zal suratga, videoroliklarga mahliyo bo’lib, «men bilan suhbatga moyilligi bor ekan», deya quvonib, o’zi haqidagi barcha ma’lumot (uy manzili, telefon raqami, veb-saytdagi shaxsiy ma’lumotlari)ni taqdim etaveradi. Hatto uchrashuv ham belgilashi mumkin.

 

Mutaxassislar bunday «shaxs»larni «gruming» deya ataydi. Gruminglar ijtimoiy tarmoqda o’z yoshi va shaxsini yashirib, internetda bolalar va o’smirlar bilan aloqa o’rnatuvchi manfur pedofillardir. Ularning «strategiya»si bolalarning yangi do’st yoki tanish topish istagidan o’z manfaati yo’lida foydalanish bo’ladi, xolos.

 

Hozir deyarli barcha o’smirlarning qo’lida uyali telefon, planshet yoki «mp3»-pleyer bor. Bu esa ularning erkinligini, o’zboshimchalikka moyilligini oshiradi. Chunki telefonni doimiy nazorat qilish qiyin. Hisobida mablag’i va megabaytlar bo’lmasa-ku, bir navi. Puli va megabaytlari bo’lsa-chi?

 

Tabiiyki, onlayn muloqot jonli muloqotdan farq qiladi. Bu borada o’zgacha xulq-atvor me’yorlari va mezonlari mavjud. Forum va chatlardagi muloqotda anonimlik, ya’ni noma’lumlik holati foydalanuvchilarga real hayotda aytolmaydigan gaplarni virtual hayotda aytish imkonini beradi. Bola tarbiyasida, avvalo, ana shu muloqot va tanishuvlarni nazoratga olish shart. Bolalarning internetda aldov qurboniga aylanishiga aynan shu omillar sabab bo’lmoqda.

 

Axborot xavfsizligi bo’yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, o’smirlar va yoshlar haqidagi eng muhim ma’lumotlar aynan ular foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalardan olinadi. Ayniqsa, yosh foydalanuvchilar o’zi to’g’risidagi shaxsiy ma’lumotlarni, ya’ni tug’ilgan kuni, ismi, telefon raqami, yashash manzili, qaysi joylarda bo’lishi, ijtimoiy ahvoli, nimani yaxshi ko’rishi, kayfiyati, xarakteri haqida ijtimoiy tarmoqda yozishni xush ko’radi.

 

Har bir bola alohida individ, demak, unga alohida e’tibor va yondashuv zarur. Hozir aksariyat 13—16 yoshdagi o’smirlar internetda faol.

Ular uchun internet muhim axborot manbasi, faol muloqot vositasi, vaqtichog’lik qilish imkonidir. Bu yoshni ekspertlar ayni «axborotga tashnalik davri» deb ataydi. Boisi, o’smir o’g’il-qizlar barcha narsalar haqida, ayniqsa, taqiqlangan «bilim»lar to’g’risida ko’proq bilishni istaydi. Uni o’qituvchisidan so’rolmasa, ota-onasiga og’iz ham ocholmasa, yoshi kattalardan uyalsa, kim yordam beradi? Internet, albatta.

 

Afsuski, bugun bolalar va o’smirlarning internet tarmog’idan foydalanish vaqtini nazorat qiluvchi aniq me’yor ishlab chiqilmagan. Aksariyat ruhiyatshunos-shifokorlar fikricha, internet tarmog’idan foydalanish vaqti quyidagicha taqsimlanishi lozim:

 

— 7—10 yashar bolalar kuniga 1 soat;

 

— 10—13 yashar bolalar kuniga 1,5 soat;

 

— 13—16 yashar o’smirlar kuniga 2 soat.

 

Ta’kidlash joizki, bu monitor qarshisida uzluksiz shuncha vaqt o’tirsa bo’ladi, degani emas. Ekran qarshisida har yarim soatdan keyin kamida 10 daqiqa tanaffus qilish kerak. Bunday taqsimotdan asosiy maqsad internetga qaramlikning oldini olish, ko’rish qobiliyatini muhofaza qilish hamda umurtqa pog’onasiga xos kasalliklardan saqlanishdir.

 

Ishonch yoki cheklov — ota-ona qay birini tanlashi kerak? Bugun bolalarga internetni cheklash kerakmi yoki aksincha qabilidagi savol dolzarb. Internetni voyaga etmagan yoshlarga cheklash kerak, deganlar tarmoqning axloq va salomatlikka salbiy ta’sir etishiga e’tibor beradi. Ya’ni bola virtual muloqotlarga o’rganib, real hayotdan uziladi. Tushkun holatda atrofdagilardan emas, virtual olamdagi noma’lum kimsalardan najot izlaydi.

 

Bir guruh olimlar esa bolalarning internetni bilishini ma’qullaydi. Ya’ni, undan to’g’ri va me’yorida foydalanilsa, xorijiy tillar, matematika, hisob-kitobni oson o’zlashtirish mumkin.

 

Demak, hamma gap internetdan qanday maqsadda foydalanishda. Bu maqsadni, odatda, ota-ona belgilaydi. Bu jarayonda kattalar bolalarga badjahl qorovul va taqiqlovchi zolim emas, balki mehribon do’st va bilimdon muallim kabi bo’lishi lozim. Bunda ota-onaga nazorat dasturlari qo’l keladi. Ya’ni kompyuter yoki mobil qurilmalarga yuklab olingan filtrlovchi dasturlar orqali bola tez-tez «mehmon» bo’layotgan saytlarni, suhbatdoshlarni nazorat qilish mumkin. Eng qizig’i, bu dasturlar ota-onaga istalgan joyda, istalgan vaqtda bolasi telefonda nimalar qilayotganini kuzatish imkonini beradi.

 

Mazkur nazorat usulida bolaga o’z kompyuteridan kunning aniq vaqtida, masalan, soat 14:00 dan 15:30 gacha foydalanish me’yor qilib belgilanadi. Yoki bolaga cheklangan dastur va internet manbalaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Ota-ona farzandiga foydali deb hisoblagan internet saytlarini ham bilib olishi va tavsiya qilishi lozim. Jumladan, «Kiber ota» bolalar uchun mo’ljallangan brauzer bo’lib, xuddi «Internet explorer», «Alta Vista»ga o’xshab ishlaydi. Brauzerda izlanayotgan har qanday ma’lumot avvaldan filtrlanadi. «Giper ona» kompyuter dasturi ham ana shunday qulayliklarga ega.

 

Hozirgi vaqtda G’arb davlatlarida «Kinder Gate» («Bolalar darvozasi») dasturi ham xavfsiz hisoblanadi. U kompyuterga oson o’rnatiladi. Dasturning internet brauzeri faqat bolalarning yoshi va dunyoqarashiga mos keluvchi saytlarni ko’rsatib, turli ko’ngilochar o’yinlar, zo’ravonlik aks etgan filmlarni qulflaydi. Dastur ijtimoiy tarmoqda faol bo’lgan o’smirlarning tanishuv saytlaridan foydalanishini cheklabgina qolmay, antivirus vazifasini ham o’taydi. Shuningdek, dasturning hisobot jurnali yordamida bolaning qaysi saytlarga kirayotganini kuzatish mumkin.

 

Ota-onalarga tavsiya etish mumkin bo’lgan yana bir filtrlovchi dastur bu — «Kaspersky Safe Kids»dir. Uni «Play market» elektron do’konidan xarid qilish mumkin. Dasturning bir necha afzalliklari bor. Jumladan, bola yurgan joyni hamda uning telefon qo’ng’iroqlari va xatlarini monitoring qiladi. Dastur android qurilmalarga o’rnatilsa, boshqaruv yanada osonlashadi. Eng yaxshi tomoni shuki, mazkur dasturni bolalar o’chirolmaydi.

 

Ko’pchiligimiz “Youtube” videoxosting xizmatidan foydalanamiz. Bolajonlar ham o’zlari uchun qiziqarli multfilm, aqlni rivojlantiruvchi videoo’yinlarni yuklab olishi mumkin.

Biroq qidiruv tizimida voyaga etmaganlar ko’rishi taqiqlangan manbalar ham bisyor. Qiziquvchan kichkintoylar ogohlantirishlarga qaramay, ko’pincha noo’rin tugmalarni bosaveradi. Ana shu vaziyatni «Google» kompaniyasi mutaxassislari engillashtirdi. Ular yoshga ko’ra taqiqlangan videolarni tomosha qilishni cheklovchi maxsus nazorat tizimini ishlab chiqdi. Buning uchun yutubning akkaunt sozlanmasiga kirib, xavfsizlik rejimini yoqib qo’yish kifoya. Tizim boshqaruvi to’liq ota-ona nazoratiga o’tadi. Juda usta bolakay ham maxsus kalit so’zsiz tizimga kirolmaydi.

 

Lekin bu bilan ota-onalar bemalol o’z yumushlari bilan band bo’lib yurolmaydi. Aytmoqchimizki, bolaga kattalarning taqiq va ta’qiblari emas, balki ochiq va samimiy muloqoti zarur. Ular bilan tez-tez, dildan suhbatlashish kerak. Toki bola tarmoqdagi hayot tarzini oila a’zolaridan sir tutmasin va oilasidan topmagan mehrini virtual dunyodan izlamasin. Maqolamizni mutaxassislarning quyidagi tavsiyalari bilan muxtasar qilamiz.

 

1-tavsiya: bolangiz bilan suhbatlashib, unga internetdan nazoratsiz foydalanishning salbiy oqibatlari, foydalanganda nima mumkin va nima taqiqlanganini tushuntiring.

 

2-tavsiya: bolaning tarmoqda bo’lish vaqtini cheklab, u kirayotgan resurslarni nazorat qiling.

 

3-tavsiya: «onlayn do’st», aslida rasmdagi tasvirga mos kelmasligini, butunlay boshqa shaxs bo’lib chiqishi mumkinligini uqtiring.

 

4-tavsiya: kattalar maslahatisiz internet do’konidan xarid qilmaslikni o’rgating.

 

5-tavsiya: farzandingiz «virtual do’st»i bilan real hayotda uchrashishni xohlasa, unda ehtimoliy dilxiralikning oldini olish uchun katta yoshli hamrohi bilan uchrashuvga chiqish lozimligini tayinlang.

 

6-tavsiya: bolangiz ijtimoiy tarmoqdagi akkauntiga joylashtirayotgan ma’lumotlar bilan qiziqing, login va parolidan xabardor bo’ling.

 

7-tavsiya: internetdan foydalanayotganda bolangizga noqulaylik tug’dirayotgan, kayfiyatiga salbiy ta’sir etayotgan omillarni so’rang, aniqlang va bartaraf eting.

 

Odina QULMURODOVA tayyorladi.

 

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan